Barcha siyosiy partiyalar, jumladan O‘zbekiston Ekologik partiyasining g‘oya va maqsadlarini amalga oshirishga intilish kuchaygani, saylovchilarning siyosiy tafakkuri yuksalganini bugun Buxoroda o‘tayotgan imzo to‘plash jarayonida ham yaqqol ko‘rish mumkin.Imzo varaqasini to‘ldirish korxona va tashkilotlarda, ta’lim, tibbiyot muassasalari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylov qonunchiligiga amal qilingan holda olib borilmoqda.

Partiyaning navbatdagi imzo to‘plash manzili “Mohi Xossa” sihatgohi bo‘ldi. Unda saylovchilarning har biri bu muhim jarayonga mas’uliyat bilan yondashib, yurt taqdiriga befarq emasligini namoyon etdi.
–Tabiatga befarq bo‘lmagan saylovchilarning har biri bu muhim jarayonga mas’uliyat bilan yondashib, yurt taqdiriga befarq emasligini ko‘rsatmoqda, –deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Jahongir Sharipov. –Bugun partiyamiz tomonidan viloyatning barcha hududlarida, korxona va tashkilotlarda imzo to‘plash maskanlari tashkil etilgan.

Tadbirlar davomida O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturiy maqsadlari, jumladan, bioxilma-xillikni saqlash, ozon qatlamini asrash, zavod-fabrika, texnologiyalarning ko‘payishi natijasida ajralib chiqadigan zaharli chiqindi gazlarning atmosferaga tarqalishining oldini olish, atrof muhitni ifloslanishdan saqlash borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar va bunda partiyaning tutgan o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Saylovchilar imzolarini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda partiya faollari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri